Husanovning shaxsiy hududini hurmat qiling!
Manchesterliklar OʻFAdan norozi
Ayni kunlarda Oʻzbekiston milliy terma jamoasi va “Manchester Siti” klubi himoyachisi Abduqodir Husanov 2026-yilgi jahon chempionati saralashi doirasida “oq boʻrilar” sharafini himoya qilish uchun Vatanda boʻlib turibdi.
Shu munosabat bilan ayrim xorijiy va koʻplab mahalliy nashrlar futbolchining atrofidagi ijobiy gap-soʻzlar, turli izohlar-u memlarga toʻlib toshgan. Ayniqsa qisqa vaqt ichida oʻzbekistonlik himoyachini yaxshi koʻrib qolishga ulgurgan “Man Siti” muxlislari uning Oʻzbekistonda qanday vaqt oʻtkazayotgani bilan qiziqmoqda. Hatto ayrimlari buni diqqat bilan kuzatmoqda, va masalaga biroz tanqidiy yondashgan.
Quyida Abduqodirning Oʻzbekistonga kelganidan beri nimalarga ulgurgani hamda Angliya klubi muxlisining noroziligiga nima sabab boʻlganiga biroz subyektiv nigoh tashlaymiz:
Husanov 17-mart kuni “Man Siti” futbolchisi sifatida yurtiga ilk bor tashrif buyurdi. Gʻoliblarni karnay-surnay bilan qarshi oladigan oʻzbek xalqi nomidan negadir faqat blogerlar Abdurahmon Fozilov va Ibrohim Ikromov qatnashdi. Shundan soʻng uni kameralar hamrohligida nomaʼlum manzildagi syurpriz tomon olib ketishdi.
Lokatsiyada asli qozogʻistonlik oʻzbek futbol funksioneri Ulugʻbek Asanbayev narxi taxminan 350 ming dollar turadigan Mersedes-Benz G-Class (Gelendvagen) rusumli avtomashina pulti bilan kutib turgan edi. Toychoq Abduqodirga sovgʻa qilindi.
Voqealarning salbiy rivoji shu vaqtdan boshlandi, yaʼni bloger “Autotuning” transfer qiymati 35 mln € boʻlgan futbolchiga mashina uchun “chexol” sovgʻa qilmoqchiligini aytdi. Xoʻsh bu yerda nima gʻalati? — 35 mln €: bu pulga taxminan 126 dona Mercedes-Benz G 63 AMG va 169 ta Mercedes-Benz G 500 avtomobillarini xarid qilish mumkin. Albatta bu pullar Husanovning hamyonida emas, biroq gap “chexol”lar haqida ketsa (?) bilmadim.
Milliy jamoamiz aʼzosi 18-mart kuni safdoshlari bilan birga yigʻinlarga kirishar ekan, bir zum jurnalistlar qurshovida qoldi va uyalib-uyalib intervyu berdi.
Muhim oʻyin oldidan, yulduzli shaxs bilan, uzoq kutilgan intervyuga ahmoqona savollar tayyorlab kelgan ayrim qoʻshtirnoq ichidagi jurnalistlar, futbolchining ensasini qotira boshladi. Ular bir-ikki joʻyali soʻroqlarni hisobga olmaganda, toʻy qachonligi, vatan sogʻinchi, kuyovjoʻra kim va Gelendvagen haqidagi turli jinnicha savollar bilan kasb standartlarini toptab tashladi.
Darvoqe, “jurnalist”lar bejizga toʻy haqida ogʻiz ochmagandi, bu orada qahramonimizning unashtiruv marosimi ham boʻlib oʻtgan edi. Maʼlumotlarga koʻra, 17-mart kuni Husanov terma jamoaning umumiy mashgʻulotlarida ishtirok etmagan. Oʻsha kuni u boʻlajak rafiqasiga “Marry me” marosimini uyushtirgan. Dabdabali ruhda oʻtgan tadbir Toshkent viloyatining togʻli hududlarida tashkil etilgan.
Futbolchiga yaqin manbalarning taʼkidlashicha, nikoh toʻyi shu yilning 27-may sanasiga belgilangan. Katta toʻyga “Manchester Siti” futbolchi va xodimlari ham taklif etilishi mumkin.
BUUM! Germaniyaning Transfermarkt portali Angliya Premer Ligasi futbolchilarining transfer narxlarini yangiladi. Unga koʻra, oʻzbekistonlik himoyachining transfer qiymati 12 mln € dan 35 mln € ga koʻtarildi.
Hozirda Abduqodir Husanov dunyodagi eng qimmat futbolchilar reytingida 199-oʻrinda turibdi. Himoyachi bu koʻrsatkich borasida Angliya chempionatida 90-pogʻonani egallagan. “Manchester Siti” tarkibidagi 12 nafar futbolchi Husanovdan qimmatroqqa baholangan boʻlsa, u dunyodagi eng qimmat markaziy himoyachilar reytingida 39-oʻrinni egallagan. Shuningdek, Abduqodir 2004-yilda tugʻilgan futbolchilar orasida kuchli oʻnlikka kirgan.
Qisqa qilib aytganda Husanov Saudiya Arabistoni, Qatar, Iroq, Avstraliya terma jamoalarining toʻliq tarkibidan ham qimmat.
Va nihoyat 20-mart, oʻyin kuni. Abduqodir terma jamoa bilan JCh-2026 saralashidagi navbatdagi missiyasiga kirishdi. “Bunyodkor” stadionidagi uchrashuvda Oʻzbekiston Qirgʻizistonni minimal hisobda magʻlub etdi.
“AK-45” mukammal formada, kuchga toʻlgan holda yorqin oʻyin koʻrsatdi. Toʻliq Oʻzbekiston ustunligida oʻtgan bahs davomida qahramonimiz jamoa himoyasida Angliya Premer Ligasi darasi haqida tomoshabinlarga tom maʼnoda axborot berib turdi.
Yomon tomoni futbolchi mazkur oʻyingacha va oʻyindan soʻng ham bir necha yuzlab odamlar bilan muloqot qilishga majbur boʻldi. Intervyular, dastxatlar va hokazolar. Bu nega yomon? Har holda futbol mutaxassislari shunday fikrda: futbolchining muhofaza hududini istalgan odam istalgan paytda buzib oʻta olmasligi kerak, bu uning fikrlashi, his-tuygʻularini boshqarishi va qaror qabul qilishidagi chalgʻishlarga sabab boʻlishi mumkin.
21-mart Navroʻz bayrami kuni Oʻzbekiston Futbol assotsiatsiyasi matbuot xizmati Abduqodir Husanov va Prezident Shavkat Mirziyoyev uchrashgani, futbolchi davlat rahbariga oʻz dastxati tushirilgan “Manchester Siti” futbolkasini topshirgani tasvirlangan rasmni eʼlon qildi. Uchrashuvda Husanovning otasi Hikmat Hoshimov va Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva ham ishtirok etgan.
Maʼlumotlarga qaraganda, mazkur muhim uchrashuvdan oldin Abduqodir “Yangi Oʻzbekiston” bogʻiga — tantanali Navroʻz bayramiga ham tashrif buyurgan, u yerda Prezident nutq soʻzlab, oʻzbek xalqini bayram bilan tabrikladi.
Kech tushgach, “oʻzbek devori” 2026-yilgi Jahon chempionati saralashining markaziy oʻyinlaridan biriga (Eronga qarshi) tayyorgarlik koʻrayotgan Oʻzbekiston terma jamoasi mashgʻulotlari sari yoʻl olgan. Ushbu oʻyin 25-mart kuni soat 21:00 da Tehronda boʻlib oʻtadi.
Endi esa “shaharliklar” nima sababdan OʻFAdan norozi ekaniga eʼtibor qaratamiz. Xoʻsh, yuqorida Abduqodir Husanov Angliyadan Toshkentga kelganidan buyon nimalar bilan band boʻlgani haqida ayrim faktlar keltirib oʻtildi. Sizningcha bularning hammasi bir sportchining shaxsiy, jismoniy va ruhiy rivojlanishi uchun kerakli mashgʻulotlarmi?
“Manchester Siti”ning muxlislaridan biri Dominic Cuomo bu savolga -yoʻq, deb javob bermoqda. U klub Instagram sahifasiga joylangan Abduqodir bilan bogʻliq post ostiga UzbekistanFAʼni belgilab, quyidagi izohni yozdi:
“Siz Husanovning xavfsizligi va erkinligi bilan bogʻliq notoʻgʻri boshqaruv uchun qisman javobgarsiz.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan koʻplab videolarda futbolchini olomon qurshab olganini koʻrish mumkin – u deyarli bilmaydigan yoki yaxshi tanimaydigan odamlar orasida. Bu esa uni aniq ravishda asabiylashtirib, chalgʻitmoqda.
Sizning burchingiz – u xavfsiz va nazorat qilinadigan muhitda boʻlishini taʼminlash, ayniqsa, xalqaro safarda oʻz mamlakatini himoya qilayotganida, xoh Oʻzbekistonda, xoh chet elda boʻlsin.
Uning shaxsiy hududiga hurmat bilan yondashing, diqqatini himoya qiling va uning faoliyatini ustuvor sanang. Siz bu jarayonda muhim rol oʻynashingiz zarur.
Bunday notoʻgʻri boshqaruvni qabul qilib boʻlmaydi. Yaxshiroq ishlang”.
Xoʻsh! “AK-45” faoliyatidagi oʻsish surʼatini saqlab qolish borasida xavotirona yozilgan mazkur izohga siz qanchalik qoʻshilasiz? Fikringiz muhim albatta...